Forum haqida

“Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi 2021-yilning 22-23-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo yurisprudensiya sohasidagi yirik xalqaro tadbir bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda.

Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

Forumning maqsadi – huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish, shuningdek, xalqaro huquq hamjamiyatini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlardan xabardor qilishdir.

Forumning Bosh mavzusi: Huquq 4.0. (Huquq to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida)

Nima uchun bunday bosh mavzu tanlandi?

Bugungi kunda to‘rtinchi sanoat inqilobi dunyoni o‘zgartirmoqda.

Sun’iy aql, blokcheyn, nanotexnologiyalar jamiyat hayotiga kirib kelmoqda. Raqamli munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayonida qonunlar ham o‘ziga xos shaklda rivojlanadi. Shu tariqa yuzaga keladigan mutlaqo o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlarni huquqiy ta’minlash zaruriyati paydo bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki rekruting kompaniyalari ekspertlari fikriga ko‘ra, 2025-yilga qadar yuristlar boshqa bir qator taniqli kasb vakillari singari an’anaviy shaklda faoliyat yuritishni deyarli to‘xtatadilar. Britaniyalik tadqiqotchilarning “Huquqiy kasbning kelajagi” (The Law Society, Angliya va Uelsning advokatlar assotsiatsiyasi, 2016) hisobotida yuridik sohada ham hamma duch keladigan yangi tushunchalar paydo bo‘lganligi ta’kidlangan. To‘rtinchi sanoat inqilobi  davrida vujudga kelgan IT texnologiya, “big data”, “onlayn sudlov” kabi yangi tushunchalar mamlakat huquq tizimiga sezilarli ta’sir qiladi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi barcha sohalar kabi huquq olamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi va O‘zbekiston huquq tizimi yangi chaqiriqlarga tayyor bo‘lishini lozim.

Forum tadbirlari: munozara sessiyalari, davra suhbatlari...

Forum qatnashchilari jami 16 ta tadbir, shu jumladan munozara sessiyalari, davra suhbatlari, master-klassda qatnashish, xalqaro darajadagi va mahalliy ekspertlar ma’ruzalarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘ladilar:

Forum joriy yilning 22-aprel kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mexmonxonasining “Amir Temur” zalida Plenar majlis bilan ochiladi. Ushbu tantanali marosimda bir qator davlat va siyosat arboblari, taniqli mutaxassislar, shu jumladan Xaqaro intellektual mulk tashkiloti bosh direktori Daren Tang, Venetsiya komissiyasi prezidenti Djanni Bukikkio, Jahon banki guruhi vitse-prezidenti Sandi Okoro, Koreya Hukumat qonunchiligi vaziri Li Kang-Seup, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya adliya vazirlari ishtirok etadilar.

22 va 23-aprel kunlari davom etadigan munozara sessiyalari quyidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalariga bag‘ishlanadi:

- to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida davlat huquqiy siyosati;

- Legal Tech va Law Tech;

- tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza;

- davlat organlari ochiqligini ta’minlashda raqamli imkoniyatlar;

- koronavirus cheklovlari davrida mediatsiya va arbitraj;

- umumiy (ingliz) huquqi tizimining xususiyatlari;

- intellektual mulkni himoya qilish;

- siyosatni amalga oshirish (Policy implementation);

- raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi.

Bundan tashqari, Forum davomida “Davlat xizmatlari sohasidagi ilg‘or amaliyot”, “Raqamli muhitda huquqiy axborot tarqatish istiqbollari”, “Elektron notariat”, “Advokaturani rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyatini takomillashtirish” mavzularida davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Forum doirasida “Ma’lumotlar va axborotni boshqarish” mavzusida master-klass bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Forum tadbirlari O‘zbek, Ingliz va Rus tillarida olib boriladi.

Forum haqida batafsil ma’lumotni http://tashkentlawspring.uz sayti yoki Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining (+99871) 268-28-41, (+99871) 268-28-43 telefon raqamlari orqali olish mumkin.

Bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda Forum asosan videoanjuman shaklida tashkil etiladi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar